Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari, DXX Samarqand viloyati boshqarmasi va viloyat IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda giyohvandlik vositalarining noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘yildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Bulung‘ur tumanida yashovchi 28 va 29 yoshli ikki fuqaro Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan 79 kg 358 gr "opiy" giyohvandlik moddasini olib kelib, keyinchalik sotish uchun yashirin joyga yashirgan.
Shuningdek, qo‘lga olinganlardan birining ko‘rsatmasi asosida dalada yashirib qo‘yilgan 1 kg 953 gr metamfetamin moddasi ham olingan.
Boshqa bir holatda esa Surxondaryo viloyati Uzun tumanida yashovchi ikki nafar fuqaro hamda Tursunzoda tumanida yashovchi Tojikiston fuqarosi O‘zbekiston hududiga 30 kg 357 gr "opiy" moddasini olib kirmoqchi bo‘lgan vaqtida Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan ushlangan.
Ko‘rsatilgan shaxslar ma’lum bir pul mukofoti evaziga tojikistonlik giyohvandfurushga tegishli bo‘lgan ushbu giyohvand moddalarni belgilangan manzilga yetkazib berishlari kerak edi.
Tezkor tadbir davomida giyohvand moddalar buyurtmachisi - Denov shahrida yashovchi 39 yoshli shaxs ham qo‘lga olindi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan JKning 246-moddasi (kontrabanda) va 273-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, xuddi shuningdek ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, huquqbuzarlarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.






