Toshkent viloyatida o‘zini IIV xodimi deb tanishtirib tovlamachilik qilib pul undirganlar va qimorxona aniqlandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar qildi.
Qayd etilishicha, joriy yil noyabr oyida Chirchiq shahrida ikki nafar shaxs fuqaro R.H.ga o‘zlarini IIV xodimi sifatida tanishtirib, uni jinoyatda ayblash hamda ish joyiga xabar berish bilan qo‘rqitishgan. Ular fuqaroning yashash xonadoniga bostirib kirgan va undan pul talab qilgan.
Jabrlanganchidan bank kartasi orqali dastlab 2,5 million so‘m va mobil telefonini olib, keyinchalik uni qaytarish evaziga 200 dollar olishga erishishgan. Shundan so‘ng telefonidagi shaxsiy videolarni tarqatish bilan tahdid qilib, yana 20 million so‘m talab qilishgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida, 2003 yilda tug‘ilgan ikki shaxs fuqarodan kelishilgan 10 million so‘mni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanibdi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasiga asosan ish ochilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.
Boshqa bir vaziyatda esa, Yuqori Chirchiq tumanida pul tikish asosida xo‘roz urishtirish o‘yinlarini tashkil etgan shaxslar aniqlandi. Voqea joyidan 9 dona jangari xo‘roz, pul mablag‘lari va elektron taymer ashyoviy dalil sifatida olindi.
O‘yinga pul tikgan 130 nafar shaxsga ma’muriy chora ko‘rilgan bo‘lsa, uni tashkil qilgan 3 kishiga jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar protsessual tartibda qamoqqa olindi, deyiladi xabarda.






