24 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Ozarbayjon yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, uning mamlakat mustaqilligi va barqaror taraqqiyotini ta’minlashdagi tarixiy rolini alohida e’tirof etdi.
Muloqot davomida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston–Ozarbayjon do‘stlik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Joriy Iqtisodiy hamkorlik yilida hamkorlik samarali kechayotgani, o‘zaro savdo hajmi oshib borayotgani qayd etildi.
Shuningdek, “yo‘l xaritasi” asosidagi 20 ta ustuvor yo‘nalishdagi loyihalar faol bosqichga kirgani, madaniy-gumanitar almashinuvlar jadallashgani ta’kidlandi.
Prezidentlar xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashib, kelgusidagi qo‘shma tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdi.






