14 yanvar kuni Venesuelaning muvaqqat yetakchisi Delsi Rodriges AQSh prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali muloqot qildi. Rodrigesning ma’lum qilishicha, suhbat uzog, samarali va do‘stona ruhda o‘tgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar o‘zaro hurmat muhitida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik kun tartibi hamda hal etilmagan masalalarni muhokama qilgan. Donald Tramp ham bu Rodriges tayinlanganidan beri o‘tkazilgan ilk suhbat ekanini ta’kidlab, uni “ajoyib inson” deb atagan.
AQSh rahbari Truth Social sahifasida ham ushbu qo‘ng‘iroqni “juda yaxshi telefon suhbati” deb baholab, neft, foydali qazilmalar, savdo va milliy xavfsizlik kabi masalalar muhokama qilinganini qayd etgan. Uning ta’kidlashicha, AQSh Venesuelaning barqarorlashuvi va tiklanishiga yordam berish niyatida.
Eslatib o‘tamiz, 3 yanvar kuni AQSh Venesuelada maxsus operatsiya o‘tkazib, mamlakat yetakchisi Nikolas Maduro va uning rafiqasini qo‘lga olgan edi. 4 yanvar kuni esa Delsi Rodriges Venesuelaning muvaqqat rahbari etib tayinlangan.






