14 yanvar kuni AQSH ma’muriyati G‘azodagi urushni yakunlashga qaratilgan strategik rejaning ikkinchi bosqichi boshlanayotganini ma’lum qildi. Bu haqda “Reuter” xabar berdi. Shu bilan birga, rejaning birinchi bosqichida nazarda tutilgan asosiy masalalar, jumladan, Isroil va HAMAS o‘rtasida to‘liq sulhga erishish hali amalga oshmagan.
Qayd etilishicha, ikkinchi bosqich doirasida AQSH va vosita davlatlar qurol topshirishdan bosh tortayotgan HAMASni qurolsizlantirish, shuningdek, G‘azoga xalqaro tinchlikparvar kuchlarni joylashtirish kabi murakkab masalalarni hal etishi lozim bo‘ladi. AQSH prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiv Vitkoffga ko‘ra, bu bosqich G‘azoda o‘tish davri uchun texnokratik Falastin ma’muriyatini shakllantirish, qurolsizlanish va qayta qurish jarayonlarini boshlashni nazarda tutadi.
Misr, Qatar va Turkiya vositachilarining qo‘shma bayonotiga ko‘ra, tuzilayotgan Falastin organi 15 nafar a’zodan iborat bo‘ladi. Unga G‘arb tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan, Falastin ma’muriyatining sobiq vazir o‘rinbosari Ali Shaat rahbarlik qiladi. U ilgari sanoat zonalarini rivojlantirish bilan shug‘ullangan.
Isroil va HAMAS o‘tgan yilning oktabr oyida Tramp rejasi doirasida kelishuvga erishgan edi. Unga ko‘ra, G‘azoni o‘tish davrida xalqaro “Tinchlik kengashi” nazorati ostidagi texnokratik Falastin organi boshqarishi kerak. Yevropalik diplomatning aytishicha, kelasi hafta Davos forumida Tinchlik kengashi bo‘yicha yana bir e’lon kutilmoqda.
Ismi oshkor etilishini istamagan AQSH rasmiysi 14 yanvar kuni Tramp tomonidan shaxsan tanlangan Tinchlik kengashi a’zolariga taklifnomalar yuborilganini ma’lum qilgan.
Ali Shaat radioga bergan intervyusida qo‘mita avvalo G‘azoga shoshilinch gumanitar yordam ko‘rsatish, jumladan, ko‘chirilgan falastinliklarni uy-joy bilan ta’minlashga e’tibor qaratishini aytgan. Ayni paytda ularning aksariyati vayronalar orasidagi vaqtinchalik chodirlarda yashamoqda.
Shuningdek, Stiv Vitkoff Tramp rejasi ikkinchi bosqichining asosiy maqsadi G‘azoni to‘liq demilitarizatsiya qilish va qayta qurish ekanini ta’kidlagan. Qayd etilishicha, HAMAS qurol topshirishdan bosh tortayotgan bo‘lsa-da, o‘tgan yilning oktabr oyida G‘azo boshqaruvini texnokratik qo‘mitaga topshirishga rozilik bildirgan.
Ma’lumot uchun, rejaning birinchi bosqichi Isroilning G‘azodagi havo hujumlari, ayrim kelishmovchiliklar hamda chegara o‘tish punktlarini ochilishining kechikishi sabab to‘xtab qolgan edi. Shunga qaramay, Vashington ikkinchi bosqichni boshlashga qaror qildi.






