Suriyaning Ash-Shaddada shahrida joylashgan qamoqxonadan “Iroq va Shom islom davlati” (ISHID) terroristik guruhiga mansub taxminan 1,5 ming nafar aʼzo qochib ketgan. Bu haqda Rudaw nashri xabar berdi.
Nashr maʼlumotiga koʻra, mahbuslar Suriya hukumatiga bogʻliq tuzilmalar tomonidan ozod qilingan boʻlishi mumkin. Manba qochgan shaxslar turli qurolli guruhlarga qoʻshilib ketganini taʼkidlagan.
Suriya Ichki ishlar vazirligi voqeani tasdiqlar ekan, rasmiy maʼlumotlarga koʻra, qamoqxonadan taxminan 120 nafar mahbus qochib ketganini bildirgan. Mudofaa vazirligi esa mahbuslarni ozod qilishda Suriya Demokratik kuchlarini (SDK) ayblab, guruh rahbariyatini bunday oqibatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan oʻylamasdan qilingan harakatlardan ogohlantirgan.
Reuters agentligining xabar berishicha, voqeadan soʻng Suriya Mudofaa vazirligi Ash-Shaddada shahriga armiya va maxsus boʻlinmalar kiritilganini maʼlum qilgan. Rasmiylarga koʻra, xavfsizlik kuchlari 81 nafar shaxsni qoʻlga olgan, qolgan mahbuslarni qidirib topish va hibsga olish boʻyicha operatsiyalar davom etmoqda.






