Namangan viloyatida alimentdan qarzdor ota panjara-to‘siqdan oshib qochishga urinayotgan vaqtida ushlandi. Bu haqda Majburiy ijro byurosi matbuot kotibi Farrux Toshpo‘latov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 2026 yil 20 yanvar kuni Majburiy ijro byurosi Namangan viloyat boshqarmasi qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan alimentdan 30 million so‘m qarzi bilan qidiruvda bo‘lgan shaxs qo‘lga olingan. U avval ham aliment to‘lamaslik sababli 15 sutka ma’muriy qamoq jazosini o‘tagan.
Ma’lum qilinishicha, jinoyat ishi qo‘zg‘atish uchun bo‘limga olib kelingan vaqtda u panjaradan oshib qochib ketishga uringan, biroq tezkor harakatlar natijasida qayta ushlangan.
Shuningdek, ma’lumotlarga ko‘ra, Namangan viloyatida 2025 yil davomida qidiruvda bo‘lgan 258 nafar aliment qarzdorining 61 nafariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 146 nafar shaxsga ma’muriy chora ko‘rilgan, 31 nafar qarzdor tomonidan jami 396 million so‘m aliment qarzlari undirilgan. Hozirda esa 82 nafar shaxs qidiruvda qolmoqda.






