Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan takliflarni ko‘rib chiqdi.
- 2026 yildan infarkt va insultga qarshi kurashish milliy dasturi joriy etiladi. Dastur doirasida xavf guruhidagi aholi aniqlanib, maqsadli tibbiy tekshiruvlar o‘tkaziladi, shoshilinch tibbiy yordamda “oltin soat” tamoyili, sun’iy intellekt, telemeditsina va raqamli klinik marshrutlar tatbiq etiladi.
- Tez tibbiy yordam xizmatining moddiy-texnik bazasi kuchaytirilib, brigadalar zamonaviy uskunalar bilan ta’minlanadi. Nodavlat tibbiyot muassasalar ham shoshilinch xizmat ko‘rsatishga jalb etiladi va xizmatlar davlat tibbiy sug‘urtasi orqali moliyalashtiriladi.
- Qon bilan ishlash xizmati 2026–2030 yillarda tubdan modernizatsiya qilinib, donorlik hajmlari oshiriladi, elektron hisob va onlayn monitoring tizimi joriy etiladi.
- Respublika onkologiya markazi uchun 80 turdagi 1027 dona tibbiy jihozlar, shuningdek, radiofarmatsevtik mahsulotlar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan siklotron va radiosintez laboratoriyasini xarid qilish taklif etildi.
Prezident takliflarni ma’qullab, tegishli qarorlarni imzoladi.






