AsosiyJamiyat

Toshkentda "Dunyo go‘zali 2025" tanlovi ishtirokchisi kiyimida davlat ramzlaridan foydalangani uchun jarimaga tortildi.

Sudda qiz kostyumni yaratishda davlat ramzlaridan ilhomlanganini va faqat bayroq ranglaridan foydalanganini aytgan.

'Toshkentda "Dunyo go‘zali 2025" tanlovi ishtirokchisi kiyimida davlat ramzlaridan foydalangani uchun jarimaga tortildi.'ning rasmi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirabod tuman sudida 21 yoshli Sh.M.ga nisbatan O‘zbekistonning davlat ramzlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish bilan bog‘liq ma’muriy ish ko‘rib chiqildi.

Ish materiallariga ko‘ra, o‘tgan yilning 28 oktyabr kuni Sh.M. Filippin poytahti Manila shahrida bo‘lib o‘tgan "Miss Earth 2025" xalqaro tanlovida ishtirok etgan. Tadbir davomida u davlat bayrog‘i va respublika gerbi tasviri bilan birga sahna chiqqan. Keyinchalik ishtirokchi ushbu obrazda suratga tushgan va suratlarni Instagram'dagi sahifasiga joylashtirgan.

Sud majlisida qiz kostyumni yaratishda davlat ramzlaridan ilhomlanganini, biroq kiyimda bayroqning majburiy elementlari - yarim oy va o‘n ikki yulduz yo‘qligini, faqat ranglar gammasidan foydalanilganini aytgan.

Da’vogar davlat ramzlaridan kiyim elementi sifatida foydalanish, badiiy g‘oya va taqdim etish shaklidan qat’iy nazar, qonunchilik talablariga zid ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, sud qarorida davlat bayrog‘idan kiyim sifatida foydalanish qonunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiqlangani qayd etilgan.

Sud Sh.M.ni MJtKning 203-1-moddasi 1-qismi (davlat ramzlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) bilan aybdor deb topdi va unga BHMning 2 baravari (824 ming so‘m) miqdorida jarima soldi.

    Boshqa yangiliklar