G‘arbiy Bengal shtatining Kalkutta shahri yaqinida qarshi vaksina va samarali davosi mavjud bo‘lmagan Nipah virusi yuqtirish holatlari aniqlandi.
“The Economic Times” nashriga ko‘ra, virus yuqtirganlar orasida shifokor, hamshira hamda tibbiyot muassasasi xodimi bor.
Ikki nafar hamshira Yangi yildan keyin xususiy shifoxonada ishlayotgan vaqtda kasallangani ma’lum qilindi. Ulardan birining ahvoli og‘ir — bemor komaga tushgan.
Mutaxassislar Nipah virusi hayvonlar orqali odamlarga yuqishini, unga qarshi aniq dori vositasi mavjud emasligini ta’kidlamoqda.
Bemorlarning sog‘ayishi asosan immun tizimi holatiga bog‘liq ekani qayd etildi. Hindiston rasmiylari epidemiologik nazoratni kuchaytirgan.






