Kecha, 30 yanvar kuni Janubiy Koreyadagi maishiy buyumlar ishlab chiqaruvchi zavodda sodir bo‘lgan yong‘in ortidan O‘zbekiston fuqarosi bedarak yo‘qoldi. Bu haqda mahalliy "Yonhap News" agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mahalliy vaqt bilan 14:56 da Janubiy Koreyaning Chungbuk provinsiyasi, Maengdong qishlog‘idagi zavodda yong‘in chiqqan. O‘t tez sur’at bilan tarqalgan va yon-atrofdagi boshqa korxonalarga ham ta’sir ko‘rsatgan. Ushbu zavoda asosan nam salfetkalar va bolalar tagliklari ishlab chiqarilgan, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra zaharlı kimyoviy moddalar yoki xavfli yuklar mavjud emas edi.
Yong‘in vaqtida zavoda ishlayotgan 83 nafar xodimdan 81 nafari o‘z vaqtida evakuatsiya qilingan. Ammo 20 yosh atrofidagi Nepal fuqarosi va 50 yosh atrofidagi O‘zbekiston fuqarosi bilan aloqa uzilgan, ular bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.
Yong‘inni o‘chirish uchun favqulodda vaziyatlar xizmati "2-darajali javob rejimi"ni e’lon qilgan. Hodisaga 105 nafar qutqaruvchi, 56 ta maxsus texnika va 4 ta vertolyot jalb qilingan. Shamol ta’sirida uchgan yong‘in chog‘lari taxminan 500 metr uzoklikdagi yaqin tog‘ yonbag‘ridagi o‘rmonga ham tarqalgan, ammo soat 16:10 ga kelib yong‘in to‘liq o‘chirilgan.
Hozirda rasmiylar yong‘in sababini va keltirilgan moddiy zarar miqdorini anıqlash uchun tekshiruv o‘tkazmoqda.






