Qarorga muvofiq, 2027-yildan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari hamda subsidiyalar sug‘oriladigan yer maydonlarining suv bilan ta’minlanganlik darajasiga qarab belgilanadi. Suv bilan barqaror ta’minlanmagan hududlarda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilganda subsidiyalar 1,25 oshiruvchi koeffitsient bilan hisoblanadi.
Suv bilan barqaror ta’minlangan hududlarda esa bunday texnologiyalar joriy etilmasa, soliq stavkasi ikki barobar oshiriladi.
Shuningdek, 2027-yildan sholi yetishtiriladigan maydonlar hamda baliqchilik xo‘jaliklarida “aqlli” suv o‘lchash va hisoblash vositalarini o‘rnatish majburiy etiladi. Ushbu qurilmalar o‘rnatilmagan taqdirda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi ikki barobarga oshiriladi.
Bundan tashqari, 2026-yil 1-oktabrdan suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishda nasos va filtr qurilmalari QR-kodli maxsus yordam bilan ishlab chiqarilishi hamda GPS-treker o‘rnatilishi belgilandi.
Suv tejovchi texnologiyalarni o‘z mablag‘lari hisobidan joriy qiladigan tashabbuskorlarga subsidiyalarni ikki bosqichda — 50 foizi oldindan, qolgan qismi texnologiyalar ishga tushirilgandan so‘ng ajratish tartibi joriy etiladi.






