AsosiyJamiyat

Umraniyada yana bir o‘zbekistonlik ayol bo‘laklangan holda o‘ldirilgani aytilmoqda

Durdonа Hakimova ishi doirasida ikkinchi qurbon — 32 yoshli Sayyora Ergashaliyeva aniqlandi.

'Umraniyada yana bir o‘zbekistonlik ayol bo‘laklangan holda o‘ldirilgani aytilmoqda'ning rasmi

Hozircha bu ma'lumotlar rasmiy idoralar tomonidan tasdiqlanmagan.

Turkiya ommaviy axborot vositalarida yozilishicha, Istanbulning Umraniya tumanida yashagan ayollar ishi yuzasidan olib borilayotgan tergov chog'ida yana bir qotillik izlari ochilgan. Gap 23 yanvardan beri bedarak deb ro'yxatga olingan 32 yoshli Sayyora Ergashaliyeva haqida ketmoqda.

Tergovchilar xavfsizlik kameralari yozuvlarini qayta ko'rib chiqqan. Kadrlarda gumonlanuvchilarning xonadondan qora qoplar va oq jomadon olib chiqqanini, uni Shishli tumanidagi chiqindi qutisiga tashlab ketgani aks etgani aytilmoqda. Tergov versiyasiga ko'ra, avval Sayyora Ergashaliyeva, keyin esa Durdona Hakimova o'ldirilgan bo'lishi mumkin.

Mahalliy nashrlar gumonlanuvchilar so'roqda Sayyora Ergashaliyevani pichoqlab o'ldirgani va jasadni bo'laklab, turli chiqindixonalarga tashlaganini tan olganini yozmoqda. Biroq bu ma'lumotlar hozircha rasmiy sud qarorlari bilan tasdiqlanmagan.

Eslatib o'tamiz, 24 yanvar kuni Istanbulning Shishli tumanidagi chiqindi konteyneridan boshsiz ayol jasadi topilgandi. Keyinchalik u O'zbekiston fuqarosi Durdona Hakimova ekani ma'lum qilindi. Ushbu voqea Ankara va Istanbulda norozilik namoyishlariga sabab bo'lgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

    Boshqa yangiliklar