Malayziyada o‘zbekistonlik qizlarni shahvoniy ekspluatatsiya qilgan jinoyiy guruh fosh etildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ichki ishlar vazirligi tezkor qidiruv departamenti tomonidan Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida odam savdosi jinoyatini sodir etib kelayotgan uyushgan jinoyiy guruh a’zolarini aniqlish bo‘yicha tezkor tadbir o‘tkazilgan.
1971 yilda Tojikiston Respublikasida tug‘ilgan ayol mazkur uyushgan jinoyiy guruhga rahbarlik qilib, o‘zining O‘zbekistonda yashovchi jinoyiy sheriklari orqali Telegramda “Kuala-Lumpur shahridagi restoranga yangi xodimlarni ishga olamiz” sarlavhasi ostida e’lon joylagan.
Ularga murojaat qilgan shaxslar bilan guruhning Toshkentdagi a’zolari uchrashib, turli xil yolg‘on va’dalar bilan Kuala-Lumpurga jo‘natish bilan shug‘ullanib kelgan.
Tezkor tadbir davomida Tojikiston fuqarosi bo‘lgan ayol qo‘l ostiga ishlash uchun kelgan qizlarni shahvoniy ekspluatatsiya qilgan bo‘lsa, turli lavozimlarda ishlagan yigitlarni oldindan va’da qilingan 500 AQSH dollar miqdordagi oylik maosh, bepul turar-joy, 4 mahal oziq-ovqat bilan ta’minlamagan. Ishchi vizalarni rasmiylashtirmasdan, ish haqqini bermasdan fuqarolik pasportlarini olib, majburiy mehnat bilan shug‘ullantirib kelgan.
Ayni vaqtgacha ushbu jinoyiy guruhdan jabr ko‘rgan 8 nafar shaxslar aniqlandi, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.






