AsosiyJamiyat

Toshkentdagi yong‘inda ona va ikki farzandi halok bo‘ldi

Yana bir fuqaro tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizildi.

16 fevral kuni soat 20:51 da Shayxontohur tumani Beltepa ko‘chasidagi xususiy uylardan birida yong‘in sodir bo‘lgani haqida shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga xabar kelib tushgan.

Ma’lum qilinishicha, yong‘in-qutqaruv ekipajlari oradan uch daqiqa o‘tib voqea joyiga yetib borgan va yong‘in soat 21:38 da to‘liq bartaraf etilgan.

Yong‘in o‘chirilgandan so‘ng, hodisa joyidan uch nafarning jasadi topilgan. Ular bir oila a’zolari — ona va uning ikki nafar voyaga yetmagan farzandi ekanligi aniqlandi.

Guvohlarning aytishicha, ularni qutqarib qolishning imkoni bo‘lmagan.

— Kelinimiz va ikki jiyanimiz xonada qolib ketishdi, tashqariga chiqa olmadi. Ichkariga kira olmadik. Qo‘shnilar bilan devorni buzib kirdik, ammo kech bo‘lgan edi, — deydi guvohlardan biri.

Shuningdek, yana bir fuqaro turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan dastlabki tergovgacha tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar