AsosiyDUNYO

Xitoydagi suv toshqinlari qurbonlari soni 22 kishiga etdi

To‘shqinlar oqibatida qator inshootlar vayron bo‘lgan, ayrim aholi punktlari bilan transport va aloqa uzilgan.

'Xitoydagi suv toshqinlari qurbonlari soni 22 kishiga etdi'ning rasmi

Xitoyda kuchli yomg‘irlar va suv toshqinlari oqibatida halok bo‘lganlar soni 22 nafarga yetdi. Yana 20 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Tabiiy ofat mamlakatning bir nechta provinsiyalarida katta talofatlarga sabab bo‘lgan. Bu haqda CNA xabar berdi.

So‘nggi kunlarda Xitoyning qator hududlarida rekord darajada yog‘ingarchilik kuzatilgan. Noqulay ob-havo sharoiti sabab rasmiylar maktablardagi darslar va ayrim muassasalar faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan. Shuningdek, ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratish ishlari boshlangan.

“Sinxua” agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Xunan provinsiyasida besh kishi halok bo‘lgan, 11 kishi esa bedarak yo‘qolgan. Faqat bitta uyezdning o‘zida jala yog‘ishi va toshqinlar 61,5 mingdan ortiq aholiga ta’sir ko‘rsatgan.

Janubiy Guansi provinsiyasida esa qurbonlar soni 10 kishiga yetgan. Xitoy OAVlari xabariga ko‘ra, yuk mashinasi qirg‘oqdan toshib chiqqan daryoni kesib o‘tishga uringan vaqtda kuchli suv oqimi transport vositasini okizib ketgan.

Guychjou provinsiyasida to‘rt kishi halok bo‘lgan bo‘lsa, qidiruv-qutqaruv ishlari hanuz davom etmoqda. Xubey provinsiyasida esa suv toshqinlari uch kishining o‘limiga sabab bo‘lgan, yana to‘rt kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.

Toshqinlar oqibatida qator inshootlar vayron bo‘lgan, ayrim aholi punktlari bilan transport va aloqa uzilgan.

Xitoy hukumati jabr ko‘rgan hududlarga yordam ko‘rsatish uchun 120 million yuan mablag‘ ajratgan. Bundan tashqari, jiddiy talofatlar kuzatilgan Guychjou provinsiyasi uchun qo‘shimcha 30 million yuan yo‘naltirilgan.

Avvalroq Xitoyning janubiy va markaziy hududlaridagi kuchli yomg‘irlar keng ko‘lamli suv toshqinlari va ko‘chkilariga sabab bo‘lib, kamida 10 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.

    Boshqa yangiliklar