Shavkat Mirziyoyev raisligida Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda hududda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, o‘tgan yili viloyatda yalpi hududiy mahsulot 6,8 foizga, sanoat 7,2 foizga, xizmatlar sohasi 13,6 foizga, qishloq xo‘jaligi 4,3 foizga o‘sdi. 2026 yilda esa iqtisodiyot tarmoqlarida yangi loyihalarni amalga oshirish hisobiga sanoatda 8,6 foizlik o‘sish ta’minlanishi, 3,5 milliard dollar investitsiya jalb qilinishi va 727 million dollarlik mahsulot eksport qilinishi rejalashtirilgan.
Yig‘ilishda sanoatda 1,7 milliard dollarlik 195 ta loyiha ishga tushirilishi, yangi mikro sanoat markazlari tashkil etilishi, shuningdek, yirik sanoat zonalari barpo etilishi haqida ham ma’lumot berildi.
Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligida hosildorlikni oshirish, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash hamda turizm salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha ham aniq vazifalar belgilandi.
Yig‘ilish yakunida mas’ullarga yangi ish o‘rinlari yaratish, investitsiya va eksport ko‘rsatkichlarini oshirish hamda aholi turmush darajasini yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berildi.






