12 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev kiberjinoyatlar va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, shuningdek axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etiladigan huquqbuzarliklarning oldini olish samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda internetdan foydalanuvchilar soni 31 milliondan oshgan, shundan 14 millioni ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanadi. Shu bilan birga, internet va ijtimoiy tarmoqlardan noqonuniy maqsadlarda foydalanish holatlari ham ortib bormoqda.
So‘nggi olti yil ichida mamlakatda kiberjinoyatlar bo‘yicha murojaatlar soni 48 baravar ko‘paygan. O‘tgan yilda sodir etilgan firibgarlik jinoyatlarining 82 foizi va o‘g‘rilik jinoyatlarining 76 foizi kiber makonda amalga oshirilgan. Natijada jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan moddiy zarar 2 trillion so‘mdan oshgan.
Taqdimotda axborot texnologiyalari orqali sodir etilayotgan jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish, yangi turdagi kiberjinoyatlar uchun alohida jazo choralarini belgilash zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, moliyaviy piramida sxemalari bilan bog‘liq jinoyatlar uchun javobgarlikni ham kuchaytirish taklif qilindi.
Bundan tashqari, fuqarolarning o‘z nomiga rasmiylashtirilgan elektron to‘lov vositalari, kriptohamyonlar, SIM-kartalar va elektron akkauntlardan kiberjinoyat sodir etishda foydalanilishiga yo‘l qo‘yganlik uchun ma’muriy va jinoyiy javobgarlik belgilash tashabbusi ilgari surildi.
Taqdimotda muhim axborot infratuzilmasi ob’yektlariga qaratilgan kiberhujumlar global tus olayotgani qayd etilib, yuridik shaxslar axborot tizimlarining xavfsizligini zamonaviy tahdidlarga mos ravishda kuchaytirishi zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, tijorat banklari, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari axborot xavfsizligi talablariga rioya qilmaganligi sabab yuzaga kelgan kiberjinoyatlar oqibatidagi moddiy zarar uchun javobgar bo‘lishi qonunan mustahkamlanishi taklif qilindi.
Taqdimotda uyushgan jinoyatchilikning yangi usullari paydo bo‘layotgani ham qayd etildi. Xususan, noqonuniy janglar tashkil etilishi, jamoat tartibini buzish bilan bog‘liq jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Prezident takliflarni ma’qullab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.






