Rashk tufayli sodir bo‘lgan holatda 27 yoshli ayol boshqa bir ayolni erkiga xilof ravishda ovloq joyga olib bordirib, sochlarini oldirgan. Hodisa bo‘yicha besh nafar shaxs ushlangan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatida bir ayolga nisbatan qilingan tahqirli va shafqatsiz harakatlar aks etgan video tarqalib, jamoatchilik e‘tiroziga sabab bo‘ldi.
Andijon viloyati ichki ishlar organlari tomonidan olib borilgan surishtiruvlar davomida aniqalanishicha, 1991 yilda tug‘ilgan ayol 1998 yilda tug‘ilgan boshqa bir ayolni turmush o‘rtog‘i bilan ishqiy munosabatda bo‘lib yurganlikda gumon qilib, undan qasd olishni rejalashtirgan.
Ma’lum qilinishicha, 2025 yil 23 dekabr kuni u davolanib yotgan shifoxonaga tanish ayollar orqali 1998 yilda tug‘ilgan ayolni chaqirtirib, uni turli nojo‘ya harakatlar bilan tahqirlagan va bu jarayonni videoga oldirgan.
Shundan so‘ng gumonlanuvchi ayol yana ikki nafar tanish erkakni chaqirib, jabrlanuvchini ovloq joyga olib borib, sochlarini olib tashlashni buyurgan. Oqibatda ayol besh nafar shaxs tomonidan majburiy ravishda avtomashinaga o‘tkazilib, Andijon tumanidagi xilvat hududga olib borilgan va u yerda uning sochlari mashinka yordamida olib tashlangan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur jarayon videotasvirga olingan va keyinchalik ijtimoiy tarmoqlarga tarqatilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 137-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi besh nafar shaxs protsessual tartibda ushlangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.






