Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi Yunusobod tuman bo‘limi inspektori Almazor tumanida joylashgan xususiy klinikaning yong‘inga qarshi holati bo‘yicha ijobiy xulosa olib berishni va’da qilgan. U buning evaziga joriy yil fevral oyida MChJ rahbaridan 6,5 million so‘m olgan.
Biroq inspektor turli bahonalar bilan o‘z va’dasini bajarmasdan kelgan. Shundan so‘ng fuqaro undan berilgan pulni qaytarishni talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda prokuratura xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida inspektor pulni qaytarib berayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, "qamoq" ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.






