Rossiya TIV Starobelskdagi hujumdan so‘ng Kyevga javob zarbalari tayyorlanmoqda. Rossiya qurolli kuchlari Starobelsk shahridagi universitetga qilingan hujumga javob zarbasi tayyorlayotgani xabar qilindi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ma’lumot berdi.
Vazirlik bayonotiga ko‘ra, xorijiy fuqarolar Kyevni tark etishga, shahar aholisi esa harbiy va ma’muriy obyektlardan uzoqroq bo‘lishga chaqirilgan. Shuningdek, Rossiya qo‘shinlari Kyevdagi Ukraina harbiy-sanoat majmuasiga kiruvchi korxonalarga tizimli zarbalar berishni boshlagani aytiladi.
Ma’lum qilinishicha, asosiy nishonlar qatorida dronlar ishlab chiqarish va ularni jangovar holatga keltirish markazlari bor. Vazirlik, shuningdek, bu jarayonda NATO mutaxassislari Ukrainaga ehtiyot qismlar yetkazish, razvedka ma’lumotlari berish va nishonlarni belgilashda ishtirok etayotganini bildirgan.
Tashqi ishlar idorasi ushbu zarbalar qaror qabul qilish markazlari va qo‘mondonlik punktlariga ham qaratilganini ta’kidlagan.
Vazirlik ushbu keskin choralarni 22 mayga o‘tar kechasi Ukraina qurolli kuchlari tomonidan Starobelskdagi Lugansk davlat pedagogika universiteti o‘quv binosi va yotoqxonasiga qilingan dron hujumi bilan bog‘lagan. Ushbu hujum oqibatida 21 kishi halok bo‘lgani, 63 kishi jarohat olgani aytilgan. Rossiya TIV bu voqea uchun to‘liq javobgarlikni Ukraina tomoniga yuklab, xalqaro huquq normalari buzilganini ta’kidlagan.






