Davlat xavfsizlik xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Farg‘ona shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1989 yilda tug‘ilgan fuqaroga tegishli sumka tekshirilganda, jami 4 kilogramm 463 gramm gasish moddasi aniqlandi, ashyoviy dalil sifatida olindi.
Tergovda ma’lum bo‘lishicha, mazkur narkotik modda Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan bo‘lib, uni Farg‘ona viloyatida sotish rejalashtirilgan. Shu ishga aloqador bo‘lgan, muqaddam sudlangan ukasi ham ushlangan.
Shuningdek, Navoiy shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 2000 yilda tug‘ilgan fuqaro qo‘lga olindi, undan gasish moyi va gasish moddalari topildi. Keyinchalik uning uyi ko‘zdan kechirilganda, narkolaboratoriya tashkil qilgani aniqlandi. U yerdan katta miqdordagi giyohvandlik vositalari va ularni tayyorlash hamda qadoqlash vositalari musodara qilindi.
Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llandi. Tergov harakatlari davom etmoqda.






