Bugun, 27 may kuni Qozog‘istonning Pavlodar viloyatida aviatsiya-kimyo ishlarini bajarayotgan An-2 samolyoti halokatga uchradi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, havo kemasi yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘iga tegib ketgan. Bu haqda “Kazinform” xabar berdi.
Havo kemasi “Yengil va o‘ta yengil aviatsiya ekspluatantlari” (ELISA) yuridik shaxslar birlashmasi tomonidan ekspluatatsiya qilingan bo‘lib, aviatsiya-kimyo ishlarini amalga oshirayotgan bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot elektr uzatish tarmog‘iga tegib ketganidan so‘ng halokat yuz bergan.
Bortda ikki kishi bo‘lgan. Ularning biri halok bo‘lgan. Ikkinchi uchuvchi Favqulodda vaziyatlar departamenti qutqaruvchilari tomonidan samolyotdan olib chiqilgan.
“Amaldagi qonunchilikka muvofiq, ushbu aviatsiya hodisasi Qozog‘iston Respublikasi Transport vazirligining Transportdagi baxtsiz hodisalar va insidentlarni tekshirish departamenti tomonidan tekshiriladi. Voqea joyiga departament xodimlari yuborildi”, deyiladi Qozog‘iston Transport vazirligi bayonotida.






