Bugun, 20 mart kuni Janubiy Koreyaning Tejon shahrida joylashgan avtoehtiyot qismlar ishlab chiqarish zavodida yirik yong‘in sodir bo‘ldi. "Yonhap" agentligi xabar berishicha, hodisa oqibatida kamida 53 kishi jarohatlangan, yana 14 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.
Yong‘in haqida xabar soat 13:17 atrofida kelib tushgan. Shundan so‘ng Milliy yong‘in xavfsizligi agentligi butun mamlakat bo‘ylab kuchlarni safarbar qilish to‘g‘risida buyruq bergan. Bunday qaror yong‘in ko‘lami mahalliy imkoniyatlardan oshib ketganda qabul qilinadi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa vaqtida zavodda 170 nafar ishchi bo‘lgan. Ulardan 14 nafari bilan hali-gacha bog‘lanib bo‘lmayapti. Jabrlanganlarning aksariyati, jumladan 24 nafar og‘ir ahvoldagi fuqaro zaharligazdan nafas olgan yoki binodan qulab tushgan.
Yong‘inni o‘chirishga 200 dan ortiq o‘t o‘chiruvchi va 90 ta texnika jalb etilgan, shuningdek, o‘rmon xo‘jaligi xizmati vertolyotlari ham yordam bermoqda. Zavodning ikki binosidan biri to‘liq yonib ketgan, ikkinchisi esa hali ham yonmoqda. Qulab tushish xavfi sabab o‘t o‘chiruvchilar binoga kira olmayapti.
Shuningdek, binoda 200 kilogramm natriy mavjudligi yong‘inni bartaraf etishni qiyinlashtirmoqda, chunki noto‘g‘ri harakat portlashga olib kelishi mumkin. Prezident Li Chje Myon mutasaddilarga barcha resurslarni safarbar etib, jabrlanganlarni qutqarish va yong‘inni jilovlashni buyurgan.






