AQSh va Eron mojaroni yumshatish bo‘yicha vaqtinchalik kelishuvga yaqinlashgani aytilmoqda. Amerikalik OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ikki davlat muzokarachilari asosiy shartlar bo‘yicha kelishib olgan, biroq yakuniy qaror Donald Tramp zimmasida qolmoqda.
“Axios” nashriga ko‘ra, AQSh va Eron muzokarachilari 60 kunlik vaqtinchalik kelishuvni nazarda tutuvchi memorandum bo‘yicha kelishuvga erishgan. Unga ko‘ra, o‘t ochishni to‘xtatish, Eron yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralarni boshlash hamda Hormuz bo‘g‘zi orqali kemalar qatnovini tiklash masalalari ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Hormuz bo‘g‘zi orqali erkin kemalar harakati, Eronga qarshi sanksiyalarni yumshatish hamda Eron neftini jahon bozoriga chiqarish imkoniyati muhokama qilinmoqda.
Asosiy muammolardan biri sifatida Erondagi yuqori darajada boyitilgan uran zahiralarining taqdiri qolmoqda. Bu masala kelgusi muzokaralarning eng murakkab nuqtasi sifatida qayd etilmoqda.
Shu bilan birga, mintaqadagi vaziyat hamon keskin bo‘lib qolmoqda — tomonlar o‘zaro kelishuv buzilgani haqida ayblovlar bildirmoqda, so‘nggi kunlarda esa raketa va dron hujumlari ham kuzatilgan.






