Yevropa Ittifoqi Xitoyning mashhur onlayn savdo platformasi — Temu’ni 200 million yevro miqdorida jarimaga tortdi. Yevropa komissiyasi maʼlumotiga koʻra, platforma orqali xavfli bolalar oʻyinchoqlari, xavfsizlik talablariga javob bermaydigan zaryadlovchi qurilmalar va boshqa noqonuniy mahsulotlar sotilgan.
Qayd etilishicha, kompaniya sotuvga qoʻyilgan tovarlar bilan bogʻliq xavflarni aniqlash va baholash boʻyicha yetarli nazorat tizimini yoʻlga qoʻya olmagan. Shuningdek, isteʼmolchilar xavfsizligiga tahdid soluvchi mahsulotlarning tarqalishining oldini olish boʻyicha zarur choralar koʻrilmagani taʼkidlangan.
Temu faoliyati boʻyicha rasmiy tekshiruv 2024 yil oktyabrida boshlangan. Tekshiruv davomida mutaxassislar tomonidan amalga oshirilgan nazorat xaridlari natijasida ayrim zaryadlovchi qurilmalar elektr xavfsizligi boʻyicha talablarga javob bermagani, baʼzi bolalar oʻyinchoqlarida esa meʼyordan yuqori miqdorda xavfli kimyoviy moddalar aniqlangan.
Maʼlum qilinishicha, kompaniya 28 avgustgacha aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha rejani Yevropa komissiyasiga taqdim etishi lozim. Aks holda qoʻshimcha choralar qoʻllanilishi mumkin.
Temu esa qarorga norozilik bildirib, jarima miqdorini asossiz deb hisoblayotgani va oʻz pozitsiyasini huquqiy yoʻl bilan himoya qilishini maʼlum qildi.






