AsosiyJamiyat

Rossiya 8 nafar markaziy osiyolikni fuqarolikdan mahrum qildi

Ular davlat xavfsizligiga tahdid solgan shaxslar sifatida baholangan.

'Rossiya 8 nafar markaziy osiyolikni fuqarolikdan mahrum qildi'ning rasmi

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi Markaziy Osiyodan bo‘lgan sakkiz nafar shaxsning Rossiya fuqaroligini bekor qildi. Ular davlat xavfsizligiga tahdid solgan shaxslar sifatida baholangan.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati jamoatchilik bilan aloqalar markazi ma’lumotiga ko‘ra, qaror 2023 yil 28 aprelda qabul qilingan “Rossiya Federatsiyasi fuqaroligi to‘g‘risida”gi federal qonun asosida chiqarilgan.

Fuqaroligi bekor qilinganlar orasida Tver viloyatida yashagan shaxs ham bor. U Crocus City Hall konsert zalida sodir etilgan teraktga aloqadorlikda gumon qilinayotgan shaxsga Rossiya hududida noqonuniy yashashga yordam berganlikda ayblanmoqda.

Shuningdek, Tula viloyatida yashagan shaxs noqonuniy qurol saqlashda aybdor deb topilgan. Buryatiyada istiqomat qilgan shaxs esa millatchilik g‘oyalarini tarqatganlikda ayblangan.

Oltoy o‘lkasidan bo‘lgan yana bir necha shaxs yengil tan jarohati yetkazish va kaltaklash bilan bog‘liq jinoyatlar uchun bir necha bor javobgarlikka tortilgani aytilmoqda.

Tyumen viloyatida yashagan uch nafar shaxs “antirussiya kayfiyatini” targ‘ib qilish va etnik guruhlar o‘rtasida mojaro qo‘zg‘atishga chaqiriq qilgani uchun fuqarolikdan mahrum etilgan.

Arxangelsk viloyatida istiqomat qilgan yana bir shaxs esa millatlararo va etnik-diniy keskinlikni kuchaytirishga sharoit yaratganlikda ayblangan.

    Boshqa yangiliklar