AQSh Prezidenti Donald Tramp Isroil va Livandagi “Hizbulloh” harakati o‘zaro hujum qilmaslik bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qildi. Bu haqda TRT Haber xabar berdi.
Tramp mazkur bayonotni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan telefon orqali muloqot qilganidan so‘ng o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida e’lon qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Netanyaxu bilan bo‘lib o‘tgan suhbat yaxshi ruhda kechgan. AQSh rahbari Isroil qo‘shinlari Bayrutga kiritilmasligini, agar harakat boshlangan bo‘lsa ham, ular orqaga qaytarilganini aytgan.
Shuningdek, Tramp “Hizbulloh” bilan ham bilvosita muloqot qilinganini bildirgan.
"Ular ham barcha to‘qnashuvlarni to‘xtatish bo‘yicha kelishib oldi. Isroil ularga hujum qilmaydi, ular ham Isroilga hujum qilmaydi",— degan Tramp.
Bundan tashqari, AQSh Prezidenti CNBC telekanaliga bergan intervyusida Eron bilan muzokaralar taqdiri uni ko‘p ham tashvishlantirmayotganini bildirib, Isroil va Livan o‘rtasidagi vaziyat yuzasidan Binyamin Netanyaxu bilan yana maslahatlashishini aytgan.
Avvalroq Eronning yarim rasmiy “Tasnim” axborot agentligi Tehron Vashington bilan vositachilar orqali amalga oshirilayotgan xabar almashuvini to‘xtatganini ma’lum qilgan edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Eron bu qarorni Isroilning Livan hududidagi harbiy harakatlari davom etayotgani bilan izohlagan. Tehron muloqotni qayta tiklash uchun Isroildan hujumlarni to‘xtatish va egallab turgan hududlardan chiqib ketishni talab qilmoqda.
Shuningdek, Eron Hormuz bo‘g‘ozini yopish hamda Bob ul-Mandab bo‘g‘ozini qamrab olgan boshqa yo‘nalishlardagi bosim choralarini kuchaytirish ehtimolini ham ko‘rib chiqayotgani aytilmoqda.






