AsosiyJinoyat

643 milliard so‘mdan ortiq byudjet mablag‘ini talon-toroj qilganlik holati fosh etildi

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

'643 milliard so‘mdan ortiq byudjet mablag‘ini talon-toroj qilganlik holati fosh etildi'ning rasmi

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan Soliq qo‘mitasining komplaens va korrupsiyaga qarshi nazorat boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tekshiruvda 643,2 milliard so‘mlik byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish holati aniqlandi.

Ma'lum qilinishicha, tekshiruv davomida Soliq qo‘mitasi, Buxoro viloyati soliq boshqarmasi, "O‘zbekneftgaz" aksiyadorlik jamiyati hamda bir qator xususiy korxonalarning mas'ul shaxslari o‘zaro til biriktirgan holda qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygani ma'lum bo‘lgan.

Tergovga qadar tekshiruv materiallariga ko‘ra, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatilgan 5,3 trillion so‘mlik xizmatlar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etilgan bo‘lsa-da, mansabdor shaxslar mazkur soliq summasini elektron hisob-fakturalarga noqonuniy ravishda kiritgan.

Oqibatda byudjetda asossiz ravishda qo‘shilgan qiymat solig‘i mablag‘lari shakllantirilib, ularning bir qismi korxona hisob raqamiga qaytarilishiga hamda boshqa korxonaning davlat oldidagi kreditorlik qarzdorligini bekor qilishga erishilgan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu harakatlar orqali 643,2 milliard so‘m byudjet mablag‘i o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar