Kongo Demokratik Respublikasining sharqiy qismida joylashgan Ituri viloyatida Ebola virusini yuqtirgan 11 nafar bemor izolyatordan qochib ketdi. Bu haqda mamlakat Sog'liqni saqlash milliy instituti ma'lumotlariga tayanib, Bloomberg agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur hudud Ebola virusi tarqalishining asosiy o'choqlaridan biri hisoblanadi.
Shuningdek, Katana aholi punktida Ebola kasalligi oqibatida vafot etgan shaxsni dafn etish bilan shug'ullanayotgan mutaxassislarga hujum uyushtirilgan. Oqibatda marhumning jasadi joylangan tobut hodisa joyida qoldirilgan. Mutaxassislar bunday holat virusning yanada keng tarqalishi xavfini kuchaytirishini ta'kidlamoqda.
Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, Kongo Demokratik Respublikasi va qo'shni Ugandada Ebola virusi bilan bog'liq 60 ta o'lim holati hamda kasallik yuqtirgan 344 nafar bemor laboratoriya tekshiruvlari orqali tasdiqlangan.
Ebolaga chalingan bemorlarning izolyatordan qochishi bilan bog'liq holat joriy yilning 22 may kuni ham qayd etilgan edi. O'shanda virusga qarshi davolanayotgan bemorlar joylashtirilgan tibbiyot muassasasiga o't qo'yilgan. Ma'lum qilinishicha, shifokorlar Ebola oqibatida vafot etgan bemorning jasadini xavfsizlik talablari sabab uning yaqinlariga topshirmagan. Bu esa mahalliy aholi noroziligiga sabab bo'lgan. G'azablangan fuqarolar Rwampara markaziy shifoxonasining bir qismini yoqib yuborgan.
Mutaxassislarning ta'kidlashicha, Ebola qurbonlarining jasadi yuqori darajada yuqumli bo'ladi. Shu bois bunday holatlarda marhumlarni maxsus xavfsizlik qoidalari asosida dafn etish talab qilinadi.
Ma'lumot uchun, Ebola virusi ilk bor 1976 yilda hozirgi Kongo Demokratik Respublikasi hududida aniqlangan. Olimlar virusning tabiiy tashuvchilari sifatida ko'rshapalaklarni ko'rsatadi. Biroq ushbu jonivorlar kasallik ta'sirida nobud bo'lmaydi.
Ebola inson organizmiga qon, so'lak, ter, ona suti kabi biologik suyuqliklar bilan bevosita muloqot qilish yoki jarohatlangan teri orqali yuqadi. Kasallik og'ir qon ketishi, ichki a'zolar faoliyatining izdan chiqishi va o'limga olib kelishi mumkin. Uning dastlabki belgilari sifatida isitma, mushaklarda og'riq, kuchli charchoq, bosh og'rig'i va tomoq og'rig'i kuzatiladi. Keyinchalik ko'ngil aynishi, ich ketishi, terida toshmalar paydo bo'lishi hamda qon ketishi holatlari rivojlanishi mumkin.






