Pokistonning Afg'oniston hududiga ehtimoliy harbiy intervensiyasi haqidagi xabarlar fonida Kobuldagi Tolibon ma'muriyati ham xavfsizlik masalalari bo'yicha faol harakat qilmoqda.
Xususan, may oyi oxirida Afg'oniston mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Mulla Yo'qub Moskva shahrida o'tkazilgan xalqaro xavfsizlik forumida ishtirok etdi. Tashrif doirasida u Rossiya rasmiylari bilan bir qator muhim uchrashuvlar o'tkazgan.
Manbalarga ko'ra, muzokaralarning asosiy natijalaridan biri Rossiya va Afg'oniston o'rtasida harbiy-texnik hamkorlik bo'yicha kelishuvga erishilgani bo'lgan. Qayd etilishicha, Kobul Moskvadan zamonaviy havo hujumidan mudofaa tizimlari hamda uchuvchisiz uchish apparatlari — dronlar xarid qilish imkoniyatlarini ko'rib chiqmoqda.
Bu qadam Pokistonning Afg'oniston hududidagi nishonlarga zarba berishga qaratilgan yangi harbiy yondashuviga javob sifatida baholanmoqda. Tolibon ma'muriyati Pokiston harbiy-havo kuchlari va dronlarining mamlakat havo hududiga kirib kelishi ehtimoliga qarshi mudofaa imkoniyatlarini tezkor ravishda kuchaytirish zarurligini anglab yetgan.
Shu tariqa, mintaqadagi geosiyosiy vaziyat yanada murakkablashib bormoqda. Pokiston Pekin bilan aksilterror amaliyotlari bo'yicha kelishuvlarga erishishga intilayotgan bir paytda, Afg'oniston Moskva bilan harbiy hamkorlikni chuqurlashtirishga harakat qilmoqda.
Kuzatuvchilar fikricha, mazkur jarayonlar Markaziy va Janubiy Osiyo tutashgan hududda yangi geosiyosiy raqobat hamda qurollanish tendentsiyalarining kuchayishiga ishora qilmoqda.






