Bugun, 4 iyun kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg'iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida davlat rahbari Sadir Japarov va qardosh qirg'iz xalqini Qirg'izistonning 2027–2028 yillarda BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy bo'lmagan a'zosi etib saylangani munosabati bilan samimiy muborakbod etdi.
Shavkat Mirziyoyev mazkur natija Qirg'izistonning faol tashqi siyosati, shuningdek, mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni ta'minlash borasidagi sa'y-harakatlari xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak baholanayotganining yorqin ifodasi ekanini ta'kidladi.
Tomonlar xalqaro maydonda yaqin muvofiqlashtiruv va o'zaro qo'llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladi.
Suhbat davomida O'zbekiston va Qirg'iziston o'rtasidagi do'stlik, yaxshi qo'shnichilik hamda strategik sheriklik munosabatlari keyingi yillarda yangi bosqichga ko'tarilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Shuningdek, oliy darajada erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosi, xususan, iqtisodiyot, transport, energetika va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Prezidentlar bo'lajak oliy va yuqori darajadagi tadbirlar rejasi yuzasidan ham fikr almashdi.






