Bugun, 4 iyun kuni Toshkent shahri elektr tarmoqlarida yuzaga kelgan yuqori kuchlanishdagi uzilish sabab poytaxt metrosining bir nechta yo‘nalishida qisqa muddatli nosozlik kuzatildi.
Toshkent metropoliteni ma’lum qilishicha, soat 12:41 atrofida shahar elektr ta’minotidagi uzilish oqibatida metroning "O‘zbekiston", "Chilonzor" va "Yunusobod" yo‘nalishlarida elektr energiyasi ta’minoti vaqtincha to‘xtab qolgan.
Qayd etilishicha, hodisa poyezdlar harakatiga hamda bekatlardagi yoritish tizimlari faoliyatiga ta’sir ko‘rsatgan.
Metropoliten ma’lumotiga ko‘ra, vaziyat zudlik bilan nazoratga olingan. Elektr ta’minoti to‘liq tiklangunga qadar zaxira generatorlari ishga tushirilgan.
Ayni vaqtda poyezdlar harakati mas’ul mutaxassislar nazorati ostida amalga oshirilmoqda. Hodisa oqibatlarini bartaraf etish va elektr ta’minotini to‘liq tiklash ishlari davom etmoqda.






