Aholi murojaatlarini o'z vaqtida ko'rib chiqish bo'yicha talablarni buzgan vazirlik, idora va hokimliklarda o'tkazilgan tekshiruvlar natijasida 19 nafar xodim ishdan bo'shatildi, 36 nafariga nisbatan intizomiy chora ko'rildi. Bu haqda O'zbekiston Prezidentining Xalq qabulxonasi ma'lum qildi.
Qayd etilishicha, Prezidentning 2026 yil 1 apreldagi 51-son farmoni ijrosi doirasida davlat idoralarining murojaatlar bilan ishlash faoliyati o'rganilgan.
Tekshiruvlar davomida 41 ta vazirlik, idora va hokimlikda jami 1070 holatda murojaatlarni ko'rib chiqish muddatlari buzilgani aniqlangan.
Shu asosda mas'ullarga kamchiliklarni bartaraf etish, aybdor xodimlarni javobgarlikka tortish hamda bunday holatlarni takrorlamaslik bo'yicha ko'rsatmalar berilgan.
Tahlillarga ko'ra, hisobot davrida aholi murojaatlarini ko'rib chiqish muddatlarini eng ko'p buzgan vazirlik, idora va hokimliklar ro'yxati ma'lum qilindi.
Unga ko'ra, quyidagi tashkilotlarda eng ko'p qoidabuzarliklar qayd etilgan:
Andijon viloyati hokimligi — 137 ta holat;
Kambag'allikni qisqartirish va bandlik vazirligi — 107 ta;
Surxondaryo viloyati hokimligi — 103 ta;
Raqobatni rivojlantirish va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish qo'mitasi — 79 ta;
“O'zbekiston mahallalari uyushmasi” — 65 ta;
Toshkent shahar hokimligi — 55 ta;
Qashqadaryo viloyati hokimligi — 45 ta;
Oila va xotin-qizlar qo'mitasi — 45 ta;
Namangan viloyati hokimligi — 44 ta.
Tekshiruvlar yakunida 13 ta idora materiallari huquqiy baho berish uchun Bosh prokuraturaga yuborilgan.






