Rossiyaning uchuvchisiz uchish apparati Chernobildagi ishlatilgan yadroviy yonilg'ini saqlash ob'ektiga zarba berdi. Bu haqda Ukrainaning "Energoatom" kompaniyasi ma'lum qildi.
Ma'lum qilinishicha, hodisa 7 iyunga o'tar kechasi sodir bo'lgan. Zarba oqibatida konteynerlarni qabul qilish binosi qisman vayron bo'lgan. Biroq ushbu binoda hujum vaqtida ishlatilgan yadroviy yonilg'i saqlanmagani qayd etildi.
Hodisa joyida 40 kvadrat metr maydonda yong'in chiqqan. Yong'in qisqa vaqt ichida o'chirilgan. Dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, jabrlanganlar yo'q va ob'ekt atrofidagi radiatsiya darajasi me'yordan oshmagan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning aytishicha, ob'ektga "Shahed" rusumidagi dron zarba bergan. U mazkur ob'ekt muhim infratuzilma hisoblanishini ta'kidladi.
Zelenskiyga ko'ra, hodisa yuzasidan xalqaro hamkorlarga ma'lumot berilmoqda. U radiatsiya fonida o'zgarish qayd etilmaganini aytgan bo'lsa-da, Rossiyaning harakatlarini keskin tanqid qildi.
Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga esa Moskva tomonidan yadro xavfsizligiga tahdidlar davom etayotganini bildirib, xalqaro hamjamiyatni Rossiyaga nisbatan bosimni kuchaytirishga chaqirdi.
Rossiya rasmiylari hozircha mazkur hodisa bo'yicha rasmiy izoh bermagan.






