Turkiya poytaxti Anqara shahrida erkak o‘zining 3 yoshli qizini garovga olib, uni derazadan tashlab yuborish bilan tahdid qildi. Bu haqda “Milliyet” nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea joriy yilning 5 iyun kuni Etimestut tumanidagi Piyoda mahallasi, 2022-ko‘chada joylashgan uylardan birida sodir bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, xotini bilan janjallashib qolgan erkak 3 yoshli qizini pichoq bilan garovga olgan. Uning qo‘lida pichoq bilan bolani ushlab turganini ko‘rgan atrofdagilar 112 tezkor chaqiruv xizmatiga murojaat qilgan.
Shundan so‘ng voqea joyiga politsiya, o‘t o‘chirish xizmati va tez tibbiy yordam guruhlari jalb qilingan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari gumonlanuvchini qizini qo‘yib yuborishga ko‘ndirishga uringan, ammo bu samara bermagan.
Shundan keyin maxsus operatsiya kuchlari tomonidan o‘tkazilgan tadbir davomida erkak zararsizlantirilgan. Qizaloq qutqarilib, shifokorlar nazoratiga topshirilgan. Gumonlanuvchi esa shifoxonaga olib ketilgan.
Politsiya bayonotida qayd etilishicha, tezkor harakatlar natijasida bolaning hayoti saqlab qolingan. Shuningdek, operatsiya davomida xizmat itlaridan biri yaralangan bo‘lib, hozirda uni davolash choralari ko‘rilmoqda.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.






