AsosiyDUNYO

Rossiyada Putin xavfsizligi uchun mo'ljallangan maxsus kameralar tizimi vaqtincha o'chirildi

Mutaxassislar fikricha, bunday texnologiyalar xavfsizlik sohasida yangi imkoniyatlar yaratayotgan bo‘lsa-da, davlat rahbarlari va strategik ahamiyatga ega shaxslarni himoya qilish vazifasini yanada murakkablashtirmoqda.

'Rossiyada Putin xavfsizligi uchun mo'ljallangan maxsus kameralar tizimi vaqtincha o'chirildi'ning rasmi

Rossiya xavfsizlik xizmatlari Prezident Vladimir Putin va uning yaqin atrofidagi yuqori martabali mansabdorlarni himoya qilish uchun mo‘ljallangan maxsus videokuzatuv tizimining bir qismini vaqtincha o‘chirib qo‘ygan. Bu haqda Zamon.uz nashri vaziyatdan xabardor ikki manbaga tayanib xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, qaror Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyga nisbatan ehtimoliy tahdidlar muhokama qilingan davrda qabul qilingan. Rossiya maxsus xizmatlari zamonaviy videokuzatuv tizimlari orqali yuqori martabali shaxslarning harakatlanishi va joylashuvi aniqlanishi mumkinligidan xavotir bildirgan.

Manbalardan birining aytishicha, mazkur tizim Moskva shahar bo‘ylab o‘rnatilgan taxminan 300 mingta kuzatuv kamerasidan alohida faoliyat yuritadi. Xavfsizlik nuqtai nazaridan u internet tarmog‘idan uzilib, qo‘shimcha audit va texnik tekshiruvdan o‘tkazilgan. Keyinchalik tizim qayta ishga tushirilgan.

Bunday choralarga Isroil razvedka xizmatlari Eron hududidagi videokuzatuv tizimlaridan foydalangani haqidagi ma’lumotlar sabab bo‘lgan. Nashr manbalariga ko‘ra, yuqori martabali shaxslarning harakatlanishini kuzatish uchun yo‘l kameralari orqali yig‘ilgan katta hajmdagi videoyozuvlar tahlil qilingan.

Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov nashrning bu boradagi savollariga izoh bermagan. Shu bilan birga, Federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikov avvalroq hududiy xavfsizlik idoralari rahbarlarini zamonaviy videokuzatuv tizimlarining ehtimoliy zaifliklari haqida ogohlantirgani aytilmoqda.

Uning ta’kidlashicha, sun’iy intellekt va videoanalitika texnologiyalarining rivojlanishi insonlarning harakat yo‘nalishi, uchrashuvlari va marshrutlarini aniqlash imkoniyatlarini kengaytirgan.

Shuningdek, nashr bilan suhbatlashgan ukrainalik mustaqil xakerlardan biri Moskva va Kreml atrofidagi ayrim kameralar hanuz faol ekanini hamda ularga nisbatan muntazam kiberhujumlar uyushtirilayotganini da’vo qilgan.

Qayd etishicha, zamonaviy videoanalitika tizimlari ma’lum bir holatlarni matnli so‘rovlar orqali qidirish imkonini beradi. Masalan, “ikki kishi sumka almashmoqda” yoki “bir avtomobil qisqa vaqt ichida bir hududdan bir necha marta o‘tgan” kabi holatlarni avtomatik aniqlash mumkin.

Mutaxassislar fikricha, bunday texnologiyalar xavfsizlik sohasida yangi imkoniyatlar yaratayotgan bo‘lsa-da, davlat rahbarlari va strategik ahamiyatga ega shaxslarni himoya qilish vazifasini yanada murakkablashtirmoqda.

    Boshqa yangiliklar