Yamanda Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiylar 8 iyun kuni Isroil hududiga raketa uchirganini ma’lum qildi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu husiylarning joriy yil aprel oyi boshidan buyon Isroilga qarshi amalga oshirgan birinchi raketa hujumi hisoblanadi.
Husiylar qurolli kuchlari tarqatgan bayonotda Qizil dengizda Isroil kemalari harakatlanishiga to‘liq taqiq joriy etilgani ham ma’lum qilingan.
“Qizil dengizda Isroil dengiz navigatsiyasini to‘liq va mutlaqo taqiqlaymiz”, deyiladi bayonotda.
The Jerusalem Post nashrining yozishicha, raketa hujumi oqibatida jabrlanganlar haqida ma’lumot kelib tushmagan.
Husiylar harakati matbuot kotibi Yahyo Sariyaning aytishicha, endi Qizil dengizda aniqlangan har qanday Isroil nishoni hujum obyekti sifatida baholanadi.
“Vaziyatning keskinlashishiga munosib javob qaytariladi va harakatlarimiz voqealar rivojiga qarab kengayib boradi”, degan u.
Yahyo Sariya raketa zarbalari “frontlar birligi” tamoyili asosida hamda Isroilning Livan, Eron va G‘azodagi harakatlariga javob sifatida amalga oshirilganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, zarbalar Yaffa hududidagi nishonlarga qaratilgan.
8 iyun kuni ertalab Isroilning bir qator hududlarida havo hujumi xavfi haqida ogohlantirish signallari yangradi. Bu holat Eron va Isroil o‘rtasidagi keskinlikning navbatdagi bosqichi fonida yuz bermoqda.
Avvalroq Eron Isroilga raketa zarbalari berganini ma’lum qilgan, Tehron bu harakatni Isroilning Livandagi hujumlariga javob sifatida izohlagan edi. Keyinchalik Isroil Eronning ayrim neft-kimyo obyektlariga havo zarbalari bergani haqida xabarlar tarqalgan.






