AsosiyJAMIYAT

Qashqadaryodagi gaz quyish shoxobchasidagi portlash oqibatida 6 kishi halok bo‘ldi

Hodisa haqida 8-iyun kuni soat 13:50 da viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga xabar kelib tushgan.

'Qashqadaryodagi gaz quyish shoxobchasidagi portlash oqibatida 6 kishi halok bo‘ldi'ning rasmi

Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanida joylashgan maishiy gaz ballonlariga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasida sodir bo‘lgan portlash oqibatida 6 nafar fuqaro halok bo‘ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, hodisa haqida 8 iyun kuni soat 13:50 da viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga xabar kelib tushgan. Shundan so‘ng voqea joyiga 5 ta qutqaruv bo‘linmasi jalb qilingan.

Qutqaruvchilar soat 14:02 da hodisa joyiga yetib borgan. Yong‘in soat 14:05 da qurshab olingan va soat 14:55 da to‘liq o‘chirilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida 4 ta transport vositasi — 2 ta Cobalt hamda gaz tashishga mo‘ljallangan 2 ta avtomashina, shuningdek, yer ostida joylashgan 2 ta yoqilg‘i saqlash rezervuari yongan.

Portlash va yong‘in oqibatida 6 nafar fuqaro halok bo‘lgan. Yana 5 nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq, Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov rahbarligida hukumat komissiyasi tuzilgan. Komissiyaga jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish, hodisa oqibatlarini bartaraf etish, portlash sabablarini aniqlash va bunday holatlarning oldini olish choralarini ishlab chiqish vazifalari yuklatilgan.

Ayni paytda hodisa sodir bo‘lgan hudud to‘liq nazoratga olingan bo‘lib, oqibatlarni bartaraf etish ishlari davom etmoqda.

    Boshqa yangiliklar