AsosiyJAMIYAT

Sud tizimida korrupsiyaga qarshi yangi tuzilma tashkil etilishi mumkin

Prezident Shavkat Mirziyoyev sudlarda komplaens nazorati tizimi samaradorligini oshirishga oid taqdimot bilan tanishdi.

'Sud tizimida korrupsiyaga qarshi yangi tuzilma tashkil etilishi mumkin'ning rasmi

Taqdimotda sud tizimida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va xodimlar faoliyati ustidan ichki nazoratni kuchaytirishga qaratilgan takliflar muhokama qilindi.

Xususan, Oliy sud tarkibida Komplaens nazorati xizmatini tashkil etish taklif qilindi. Mazkur tuzilma to‘g‘ridan-to‘g‘ri Oliy sud raisiga bo‘ysunishi, hududiy sudlarda esa komplaens inspektorlari faoliyat yuritishi rejalashtirilmoqda.

Qayd etilishicha, xizmat korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash, ularning oldini olish, qonunchilik va kasb etikasi talablariga rioya qilinishini monitoring qilish bilan shug‘ullanadi.

Shuningdek, sudlar apparatida xavfi yuqori bo‘lgan lavozimlar ro‘yxatini shakllantirish, xavf darajasi yuqori jarayonlarni raqamlashtirish hamda inson omilini qisqartirish choralari ko‘zda tutilgan.

Taqdimotda sudyalar uchun manfaatlar to‘qnashuvi, daromad va mol-mulk deklaratsiyalarini taqdim etish hamda tahlil qilishning avtomatlashtirilgan elektron tizimini joriy etish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Bunday tizim sud apparati xodimlari uchun ham tatbiq etiladi.

Bundan tashqari, korrupsiya va shubhali sxemalar bilan bog‘liq xavflarni aniqlashga qaratilgan elektron axborot tizimlarini ishga tushirish, korrupsiya haqida xabar bergan xodimlarni himoya qilish va fuqarolar uchun xavfsiz murojaat kanallarini yaratish rejalashtirilgan.

Ma’lum qilinishicha, 2026 yil yakuniga qadar sud tizimida korrupsiyaga qarshi barqarorlik bo‘yicha diagnostika o‘tkaziladi. Sudyalikka nomzodlarni tanlash jarayonida ularning korrupsiyaga qarshi barqarorligi ham baholanadi.

Shu bilan birga, sud ishlarini avtomatik taqsimlash tizimi takomillashtirilib, ishlarni taqsimlash va qayta taqsimlash mezonlari aniq belgilab qo‘yiladi.

Taqdimotda sud apparati xodimlari uchun ixtisoslashtirilgan xizmat kiyimini joriy etish taklifi ham ko‘rib chiqildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev sud tizimida shaffoflik, halollik va adolat muhitini mustahkamlash fuqarolarning sudlarga bo‘lgan ishonchini oshirishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

    Boshqa yangiliklar