Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi ayol o‘z vasiyligida bo‘lgan 7 nafar voyaga etmagan nevarasiga nisbatan jismoniy va ruhiy tazyiq o‘tkazib kelgani aniqlandi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ijtimoiy tarmoqlarda 7 nafar bolaning huquqlari buzilayotgani haqidagi videoxabar tarqalganidan so‘ng holat Bolalar ombudsmanining Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganilgan.
O‘rganishlar davomida Samarqand shahrida yashovchi 61 yoshli B.M. o‘z vasiyligida bo‘lgan 7 nafar voyaga etmagan bolaga muntazam ravishda jismoniy va ruhiy tazyiq o‘tkazib kelgani ma’lum bo‘lgan.
Bolalar ombudsmanining Ichki ishlar vazirligiga yuborgan so‘roviga asosan, bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish va ularning xavfsizligini ta’minlash maqsadida himoya orderi rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, mintaqaviy vakilning sa’y-harakatlari bilan fuqaro B.M.ning bolalarga nisbatan vasiyligi bekor qilinib, ular oilaviy bolalar uyiga joylashtirilgan.






