Toshkent viloyatining Zangiota tumanida 10 kilogrammdan ortiq kumushni noqonuniy muomalaga kiritmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Bojxona qo‘mitasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qimmatbaho metallning noqonuniy aylanishiga chek qo‘yilgan.
Aniqlanishicha, Toshkent shahrida yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan fuqaro 13 dona quyma bo‘lak ko‘rinishidagi jami 10 kilogramm 35 gramm kumushni 20 ming 800 AQSh dollariga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mutasadidlar tomonidan o‘tkazilgan baholash ishlariga ko‘ra, mazkur kumushning umumiy qiymati 235 million 229 ming so‘mni tashkil etgan.
Tekshiruv jarayonida ushbu shaxs zargarlik buyumlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat xodimi ekani ma’lum bo‘lgan.
Shuningdek, korxonada oltin va kumush mahsulotlariga qayta ishlov berish ishlari amalga oshirilgan bo‘lsa-da, qimmatbaho metallarni tozalash va ajratib olish bilan bog‘liq affinaj faoliyatini yuritish uchun tegishli ruxsatnomaga ega emasligi aniqlangan.






