AsosiyJAMIYAT

Pokiston Afgʻonistonning uch viloyatiga zarba berdi: 11 nafar bola halok boʻldi

10 iyunga o‘tar kechasi Pokiston harbiy-havo kuchlari Afg‘oniston havo hududini buzib kirib, Kunar, Xo‘st va Paktika viloyatlaridagi tinch aholi yashaydigan uylarga zarba bergan.

'Pokiston Afgʻonistonning uch viloyatiga zarba berdi: 11 nafar bola halok boʻldi'ning rasmi

Pokiston Afg‘onistonning uch viloyatiga havo zarbalari berdi. Hujum oqibatida 13 kishi halok bo‘ldi, ularning aksariyati bolalardir. Bu haqda Afg‘onistondagi muvaqqat hukumat matbuot kotibi Zabihullo Mujohid ma’lum qildi.

Uning bildirishicha, 10 iyunga o‘tar kechasi Pokiston harbiy-havo kuchlari Afg‘oniston havo hududini buzib kirib, Kunar, Xo‘st va Paktika viloyatlaridagi tinch aholi yashaydigan uylarga zarba bergan.

"O‘tgan kecha Pokiston armiyasi Afg‘oniston havo hududini yana bir bor buzib o‘tib, Kunar, Xo‘st va Paktika viloyatlaridagi tinch aholi uylarini bombardimon qildi. Hujumlar oqibatida 11 nafar bola, bir nafar ayol va bir nafar keksa erkak halok bo‘ldi. Shuningdek, 14 nafar ayol va bola turli darajada jarohat oldi. Biz ushbu insoniyatga qarshi jinoyat va tajovuzkorlik harakatini qat’iy qoralaymiz", dedi Mujohid o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Ma’lumot uchun, Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi munosabatlar 2025 yil oktyabr oyida keskinlashgan edi. O‘sha paytda ikki tomon o‘zaro zarbalar almashgan, keyinchalik Qatar va Turkiya vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Biroq bu kelishuv uzoq davom etmadi. Joriy yil fevral oyida Afg‘oniston Pokiston tomonidan amalga oshirilgan havo hujumlariga javob sifatida Dyurand chizig‘i bo‘ylab keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlaganini ma’lum qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, bundan avval Afg‘onistonning g‘arbida joylashgan Hirot viloyatida yuz bergan qurolli to‘qnashuv oqibatida 12 kishi halok bo‘lgani, yana 20 kishi jarohat olgani xabar qilingandi.

    Boshqa yangiliklar