Toshkent viloyatining Ohangaron tumani hududidan o‘tuvchi xalqaro ahamiyatga ega A-373 avtomobil yo‘lining bir qismida transport vositalari uchun harakat tezligi cheklandi. Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining tegishli qarorida belgilangan.
Gap A-373 “Toshkent–Ohangaron–Angren–Qo‘qon–Shahrixon–Andijon” avtomobil yo‘lining 103–131-kilometrlari oralig‘idagi hudud haqida bormoqda.
Qarorga ko‘ra, M1, M2 va N1 toifasidagi yengil hamda yengil yuk tashuvchi transport vositalari uchun eng yuqori harakat tezligi soatiga 80 kilometr etib belgilangan. N2 va N3 toifasidagi og‘ir yuk avtomobillari uchun esa mazkur ko‘rsatkich soatiga 50 kilometr qilib belgilandi.
Hujjatda qayd etilishicha, mazkur cheklovlar yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, harakat xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish maqsadida joriy etilgan.
Shu bilan birga, tezlik cheklovi amal qiladigan hududlarda 3.24-raqamli “Yuqori tezlik cheklangan” yo‘l belgilari hamda qo‘shimcha axborot ko‘rsatkichlari o‘rnatiladi.






