AsosiyJAMIYAT

Turkiyada rafiqasini o‘ldirgan o‘zbekistonlikka umrbod qamoq jazosi so‘raldi

Ayni paytda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayonlarini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

'Turkiyada rafiqasini o‘ldirgan o‘zbekistonlikka umrbod qamoq jazosi so‘raldi'ning rasmi

Turkiyada O‘zbekiston fuqarosi Nigina Sattorovaning qotilligi yuzasidan olib borilgan tergov ishlari yakunlandi. Davlat qoralovchisi marhumaning turmush o‘rtog‘i Umid Sattorovga nisbatan og‘irlashtiruvchi holatlar bilan umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishini so‘radi. Bu haqda Turkiyaning mahalliy nashrlari xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, ayblanuvchiga qotillikni sodir etishda yordam berganlikda gumon qilinayotgan ikkinchi shaxs — O‘rinboy Botirbekovga nisbatan esa 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llash talab qilingan.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 17 avgust kuni Istanbul shahrining Umraniya tumanida 33 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Nigina Sattorova turmush o‘rtog‘i Umid Sattorov tomonidan pichoqlab o‘ldirilgan edi.

Tergov materiallariga ko‘ra, Samarqand viloyatilik Nigina Sattorova Istanbulda vaqtinchalik mehnat faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan. Fojia er-xotin o‘rtasida rashk sabab yuzaga kelgan janjal ortidan sodir bo‘lgan.

Qotillikdan so‘ng Istanbul politsiyasi tomonidan boshlangan qidiruv tadbirlari natijasida Umid Sattorov voqeadan bir kun o‘tib, 18 avgust kuni Umraniya tumanida qo‘lga olingan. Shuningdek, uni yashirishga yordam berganlikda gumon qilingan Jizzax viloyatilik O‘rinboy Botirbekov ham huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushlangan.

Tergov harakatlari yakunlangach, 2025 yil 19 avgust kuni sud qarori bilan har ikki gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Ayni paytda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayonlarini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

    Boshqa yangiliklar