Qozog‘iston Rossiya gazini O‘zbekistonga tranzit qilish hajmini oshirish imkoniyatiga ega va bunday hamkorlikka tayyor. Bu haqda mamlakat Energetika vaziri Yerlan Akkenjenov ma'lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston hududi orqali qo‘shimcha hajmdagi tabiiy gazni tashish uchun zarur infratuzilma imkoniyatlari mavjud.
"Bizda bunday imkoniyat bor. Barchasi transport infratuzilmasining imkoniyatlariga bog‘liq. Qozog‘iston tomoni bunga tayyor. Hozir, bilishimcha, Rossiya tomoni O‘zbekiston bilan alohida muzokaralar olib bormoqda. Biz tranzit davlat sifatida gaz yetkazib berilishini ta'minlashga tayyormiz", degan Akkenjenov.
Vazirning ta'kidlashicha, kelgusida Rossiya gazining O‘zbekistonga yetkazib berilish hajmini yiliga 11 milliard kub metrgacha oshirish masalasi muhokama qilinmoqda.
Avvalroq Rossiya Bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida Moskva Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan gaz infratuzilmasini kengaytirish hamda qo‘shimcha hajmda gaz yetkazib berish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirayotganini bildirgan edi.






