Toshkent shahrida yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, boshqa harakat ishtirokchilari hayotiga xavf tug‘dirgan Cobalt rusumli avtomobil haydovchisiga nisbatan tabelli qurol qo‘llanildi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati Matbuot xizmati xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, kecha, 11 iyun kuni soat 21:34 lar atrofida 1982 yilda tug‘ilgan R.Y. ismli fuqaro o‘z boshqaruvidagi Cobalt avtomobilida Yakkasaroy tumani hududidagi Shota Rustaveli ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib, yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan va boshqa fuqarolar hayotini xavf ostiga qo‘ygan.
Qayd etilishicha, haydovchi ichki ishlar organlari xodimlarining to‘xtash haqidagi qonuniy talablariga bo‘ysunmagan va harakatni davom ettirgan. Shuningdek, u bir nechta transport vositasiga urilgan holda ularga texnik shikast yetkazgan.
Tezkor choralar davomida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari boshqa fuqarolarning hayoti va sog‘ligiga zarar yetkazilishining oldini olish maqsadida tabelli quroldan foydalangan. Avval haydovchi ogohlantirilgan, shundan so‘ng avtomobil g‘ildiragiga o‘q uzilgan.
Natijada transport vositasi to‘xtatilib, haydovchining keyingi xavfli harakatlariga chek qo‘yilgan.
Bildirilishicha, mazkur fuqaro ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasida ro‘yxatda turadi.






