O‘zbekistonda Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar bilan sud ishlarini hal etish jarayoniga noqonuniy aralashganlik uchun jinoiy javobgarlik choralari yanada aniqlashtirilmoqda. Bu haqda 13 iyun kuni Oliy Majlis Senatining 16-yalpi majlisida muhokama qilingan qonun loyihasida so‘z bordi.
Qayd etilishicha, mamlakatda sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash, odil sudlovga bo‘lgan ishonchni oshirish hamda sud tizimini yanada shaffof qilish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Shunga qaramasdan, amaliyotda ayrim hollarda sud faoliyatiga tashqi ta’sir va aralashuv holatlari kuzatilmoqda.
Shu sababli, yangi qonun bilan Jinoyat kodeksida sud ishlariga noqonuniy aralashganlik uchun javobgarlik normalari aniq va qat’iy tarzda belgilanmoqda. Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ham o‘zgartirishlar kiritilib, sud binolarida tartibni buzish va sudga nisbatan hurmatsizlik qilish holatlari uchun ma’muriy choralar kuchaytirilmoqda.
Muhokamalar davomida qayd etilishicha, qonun loyihasi avval Qonunchilik palatasiga qayta ishlash uchun yuborilgan bo‘lib, kelib tushgan e’tirozlar asosida takomillashtirilgan. Hujjatda asosan sud mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan normalar saqlab qolingan.
Senatorlar mazkur qonunni ma’qulladilar.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq sud apparatida korrupsiyaning oldini olish maqsadida Oliy sud tarkibida Komplaens nazorat xizmati tashkil etilishi haqida xabar berilgan edi.






