AsosiyDUNYO

Hormuz bo‘g‘ozi ochilishi mumkin: global kelishuv muhokamada

Tramp o‘z ijtimoiy tarmog‘idagi postida kelishuv tasdiqlangach, Hormuz bo‘g‘ozi barcha uchun ochiq bo‘lishini aytdi.

'Hormuz bo‘g‘ozi ochilishi mumkin: global kelishuv muhokamada'ning rasmi

AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan urush harakatlarini to‘xtatish bo‘yicha kelishuv yakshanba kuni imzolanishi rejalashtirilganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, kelishuv amalga oshgandan so‘ng Hormuz bo‘g‘ozi barcha tomonlar uchun ochiq bo‘ladi. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.

Mazkur bo‘g‘oz dunyo energetika ta’minotida strategik ahamiyatga ega yo‘llardan biri hisoblanadi va uning ochilishi global bozor uchun muhim ahamiyat kasb etishi mumkin.

Muzokaralarda vositachi sifatida ishtirok etayotgan Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif ham kelishuv 24 soat ichida yakuniylishi va undan so‘ng elektron tarzda imzolanishga tayyorgarlik ko‘rilayotganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar so‘nggi bosqichga kirgan.

Biroq Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Bag‘aiy kelishuv muddati bo‘yicha aniqlik kiritib bo‘lmasligini ta’kidlab, hujjat imzolanishi ertaga bo‘lmasligini aytdi. Tehron muzokaralarda ehtiyotkorlik bilan yondashishni davom ettirmoqda.

Tramp o‘z bayonotida kelishuv tezda amalga oshirilmasa, Vashingtonda "qat’iy muqobil variantlar" mavjudligini ham ogohlantirdi. Shu bilan birga u Eron yadroviy dasturi bo‘yicha masalalar keyingi bosqichlarda muhokama qilinishi mumkinligini bildirdi.

Eron esa uzoq yillar davomida o‘z yadroviy dasturi tinchlik maqsadlariga xizmat qilishini ta’kidlab keladi va G‘arb davlatlarining ayblovlarini rad etib kelmoqda.

Oxirgi oylarda AQSh va Eron o‘rtasidagi ziddiyatlar kuchaygan bo‘lib, Hormuz bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyat ham bir necha bor keskinlashgan. Shunga qaramay, tomonlar so‘nggi haftalarda muzokaralarni jadallashtirib, tinchlik bitimiga yaqinlashgani aytilmoqda.

    Boshqa yangiliklar