AsosiyJAMIYAT

Andijondagi hodisa: FVV iddaolarni rad etdi

Andijon viloyati Marhamat tumanida joylashgan tibbiyot birlashmasi hududida 4 nafar xodim quduqdagi gazdan zaharlanib halok bo'lgani bilan bog'liq holat yuzasidan FVV munosabat bildirdi.

'Andijondagi hodisa: FVV iddaolarni rad etdi'ning rasmi

Andijon viloyati Marhamat tumanida joylashgan tibbiyot birlashmasi hududida 4 nafar xodim quduqdagi gazdan zaharlanib halok bo'lgani bilan bog'liq holat yuzasidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi munosabat bildirdi.

Ma'lum qilinishicha, ushbu hodisa joriy yil 10 iyun kuni tush vaqtida Marhamat tumani markaziy poliklinikasi hududida sodir bo'lgan. Texnik xodimlardan biri nasos motorini sozlash maqsadida xavfsizlik qoidalariga amal qilmagan holda quduqqa tushgan. Biroq bunday quduqlar ichida inson hayoti uchun xavfli bo'lgan zaharli va zararli gazlar to'planishi mumkinligi ta'kidlangan.

Birinchi xodimga yordam berish maqsadida uning ortidan yana uch nafar texnik xodim ham quduqqa tushgan va oqibatda ularning barchasi zaharli gazdan zaharlanib halok bo'lgan.

Ma'lumotga ko'ra, hodisa haqida xabar kelib tushishi bilanoq Marhamat tumani FVB rahbari boshchiligida qutqaruvchilar guruhi tezkorlik bilan voqea joyiga yetib borgan.

Tuman FVB rahbarining so'zlariga ko'ra, quduqqa tushgan shaxslarning hech biri qutqaruvchilar yetib kelgan vaqtda hayot alomatlarini ko'rsatmagan. Bu holatni tasdiqlovchi videotasvirlar ham mavjud.

Jasadlarni quduqdan olib chiqish uchun Andijon viloyati FVBning radiatsion-kimyoviy muhofazaga ixtisoslashgan maxsus bo'linmalari jalb etilgan.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda qutqaruvchilar voqea joyiga yetib kelganida jabrlanganlar hali tirik bo'lgani va ularga yordam ko'rsatilmagani haqidagi idda'olar rad etildi.

Vazirlik bayonotida ta'kidlanishicha, qutqaruvchilar har kuni o'z hayotini xavf ostiga qo'ygan holda insonlar hayotini saqlab qolish uchun xizmat qiladi va bu yo'lda ko'plab misollar ham mavjud.

    Boshqa yangiliklar